“1-daraja: ESG asoslari” sertifikatlarini topshirish marosimi

2026-yil 18-fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida “ESG Center of Excellence” dasturining “1-daraja: ESG asoslari” moduli bo‘yicha o‘quv yakunlariga bag‘ishlangan sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Dastur UzAssets AJ tomonidan Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

“UzAssets” AJ Boshqaruvi raisi Bobur Abdinizorov, Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi operatsion faoliyat rahbari Mirzo Iskandar G‘ulomov hamda Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi direktor o‘rinbosari Mirkomil Adilov ishtirokchilarni kursni muvaffaqiyatli yakunlagani bilan tabriklab, ESG yondashuvlarining davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish va ularning xalqaro bozorlardagi investitsiyaviy jozibadorligini oshirishdagi ahamiyatini ta’kidladilar.

Sertifikatlar o‘z professional faoliyatida ESG yondashuvlarini joriy etish va rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat kompaniyalari mutaxassislariga topshirildi. Olingan bilim va ko‘nikmalar barqaror rivojlanish standartlarini amaliyotga tatbiq etish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish hamda davlat korxonalarining investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga yo‘naltiriladi.

Marosim doirasida kurs natijalari taqdim etildi: 14 ta amaliy topshiriqning bajarilishi, ballar taqsimoti hamda “2-daraja: Praktikum”ga o‘tish qoidalari. O‘qishni muvaffaqiyatli yakunlagan ishtirokchilar keyingi bosqichga avtomatik ravishda ruxsat beruvchi sertifikatlarga, shuningdek Moodle platformasi orqali sertifikatlarning elektron nusxalariga kirish bo‘yicha yo‘riqnomaga ega bo‘ldilar.

Yakunda ishtirokchilar “ESG Center of Excellence” nafaqat o‘quv dasturi, balki O‘zbekiston davlat kompaniyalari faoliyatida barqaror rivojlanish standartlari, korporativ boshqaruv va ijtimoiy-ekologik mas’uliyatni joriy etish uchun amaliy vosita ekanini ta’kidladilar.

Yangiliklar

Kategoriya

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boring

Bizning telegram kanalimizga obuna bo'ling

 

Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling

Skip to content