2025-yil 26-noyabr kuni “O‘ztransgaz” AJ va “UzAssets” AJ hamkorligida “ESG Co-Lab: O‘zbekiston Respublikasi davlat korxonalarining yo‘nalishlari va hamkorlikdagi yechimlari” mavzusida tadbir tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekistonning neft-gaz va energetika sohalaridagi davlat korxonalari kuzatuv kengashlari hamda boshqaruvlarining mustaqil a’zolari ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi Bobur Abdinazarov kirish so‘zi bilan chiqib, ESG kun tartibi O‘zbekiston davlat korxonalari uchun strategik ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, ESG davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish bo‘lib, “O‘zbekiston–2030” strategiyasi doirasida yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilishda muhim element hisoblanadi.
2025-yilda ESG reytingiga ega bo‘lgan davlat korxonalari soni 7 taga yetgani, va ular orasida neft-gaz va energetika sohasi korxonalari ham borligi ta’kidlandi. Shuningdek, UzAssets huzurida xalqaro ESG standartlarini joriy qilish, mutaxassislar tayyorlash va davlat korxonalari tashabbuslarini muvofiqlashtirish uchun mo‘ljallangan maxsus ESG Center of Excellence tashkil etilgani alohida qayd etildi. ESG ko‘rsatkichlarining yuqoriligi xalqaro kapital bozorlariga yanada qulay shartlarda chiqish imkonini kengaytirishi ham ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Ernst & Young kompaniyasi tomonidan ESG tamoyillarini joriy etish bo‘yicha xalqaro tajriba va biznes samaradorlikni baholash haqida taqdimot o‘tkazilib, davlat korxonalari faoliyatiga barqaror yondashuvlarni integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun guruh sessiyalari tashkil etilib, unda O‘zbekiston davlat korxonalarining ustuvor yo‘nalishlari va barqaror rivojlanish maqsadlari belgilandi. Ushbu maqsadlar neft-gaz va energetika sektori korxonalarining barqarorligi, shaffofligi va investitsion jozibadorligini oshirishga qaratilgan.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling