17-iyul kuni UzAssets ofisida China Investment Corporation (CIC) vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: China Investment Corporation (CIC) – 2007-yilda Xitoy hukumati tomonidan tashkil etilgan suveren investitsiya fondi hisoblanadi. CIC butun dunyo bo‘ylab turli aktiv toifalariga, jumladan infratuzilma, energetika, texnologiya, moliya sektori va ko‘chmas mulkka uzoq muddatli va barqaror rivojlanishga qaratilgan investitsiyalarni amalga oshiradi.
UzAssets rahbariyati tomonidan davlat kompaniyalarida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari va ularning xalqaro moliyaviy bozorga chiqishi bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar – jumladan, evrobondlar joylashtirish, IPOga tayyorgarlik, ESG tamoyillarini joriy etish hamda Fitch, S&P va Moody’s kabi yetakchi reyting agentliklaridan xalqaro kredit reytinglarini olish haqida ma’lumot berildi.
Muzokaralar davomida hamkorlik istiqbollari, jumladan, CICning O‘zbekiston davlat kompaniyalari IPOlarida investor sifatida ishtirok etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va davlat kompaniyalari ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida qo‘shma faoliyat istiqbollarini ko‘rib chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling