2026 yil 23 fevral kuni “UzAssets” AJda xalqaro reyting agentligi — Fitch Ratings vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston davlat kompaniyalari bilan kredit va ESG reytinglarini berish hamda ularni amalga oshirish va qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini, shuningdek barqaror rivojlanish tamoyillarini korxonalar moliyaviy va strategik faoliyatiga yanada chuqur integratsiya qilish masalalarini muhokama qildilar.
Kredit va ESG reytinglar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik, kompaniyalar barqarorligini mustaqil baholash amaliyotini rivojlantirish, shuningdek ESG-omillarning investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi.
“UzAssets” AJ tomoni ESG tamoyillarini joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, xalqaro axborotni oshkor qilish standartlari (IFRS S1 va S2)ga muvofiq o‘quv dasturlarini tashkil etish va mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha ma’lumotlarni taqdim etdi.
Tomonlar shuningdek ESG baholashning metodologik yondashuvlari, reyting va skoring modellari o‘rtasidagi farqlar, uzoq muddatli sheriklikni rivojlantirish hamda davlat va xususiy sektor bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha korporativ boshqaruv sifatini oshirish, davlat kompaniyalarining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va O‘zbekiston Respublikasida xalqaro reyting amaliyotini yanada rivojlantirishga qaratilgan konstruktiv muloqot va hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha o‘zaro manfaatdorlik tasdiqlandi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling