2025-yil 25-noyabr kuni “UzAssets” AJda Jahon banki guruhi tarkibiga kiruvchi Investitsiyalarni kafolatlash bo‘yicha ko‘p tomonlama agentlik (MIGA) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Tatyana Proskuryakova — Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori, Olga Sklovskaya — MIGAning Sharqiy va Markaziy Yevropa hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy rahbari, shuningdek O‘zbekiston Milliy investitsiya jamg‘armasining (UzNIF) ishonchli boshqaruvchisi sifatida faoliyat yurituvchi “Franklin Templeton Asset Management” MChJ XK vakillari ishtirok etdilar.
“UzAssets” AJ rahbariyati O‘zbekistonning yirik davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, xalqaro kredit reytinglarini olish, korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish hamda xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga o‘tish jarayoni haqida ma’lumot taqdim etdi.
MIGA delegatsiyasi davlat kompaniyalari uchun uzoq muddatli moliyalashtirishni yanada qulay shartlarda jalb etish imkonini beruvchi MIGA kafolatlaridan foydalangan holda kreditni kuchaytirish va investitsiyalarni sug‘urtalash vositalaridan foydalanish imkoniyatlari mavjudligini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar institutsional hamkorlikning muhimligini ta’kidladilar hamda O‘zbekiston Respublikasida iqtisodiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, davlat kompaniyalarining barqarorligini oshirish va qulay investitsion muhitni shakllantirishga qaratilgan hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling