2025-yil 12–13 noyabr kunlari Toshkent shahrida “O‘zbekiston va xalqaro kapital bozorlari 2025” Konferensiyasi va Intensiv dasturi bo‘lib o‘tdi. Tadbir yetakchi xalqaro konsalting kompaniyalari — FTI Consulting, Rothschild & Co, Citi, PwC, White & Case, IB Translations, Fanda, Alef Quad va New Stage Advisory — hamkorligida, “UzAssets” AJ, London fond birjasi (London Stock Exchange) hamda Buyuk Britaniya Elchixonasi ko‘magida tashkil etildi.
Ushbu tadbirda ekspertlar, xalqaro konsultantlar va O‘zbekiston davlat korxonalari vakillari ishtirok etdilar. Asosiy e’tibor kapital bozorini rivojlantirish, kompaniyalarni IPO jarayoniga tayyorlash va ilg‘or korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish masalalariga qaratildi.
Konferensiya doirasida “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi B. Abdinazarov ochilish marosimida kirish nutqini so‘zlab, kompaniyalarni IPOga chiqarishga bag‘ishlangan panel sessiyada ham ishtirok etdi.
O‘z nutqida u Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston ochiqlik, shaffoflik va xalqaro investorlar bilan faol hamkorlik tamoyillariga asoslangan yangi iqtisodiy transformatsiya bosqichiga kirib kelayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, korporativ sektor islohotlari va fond bozorini rivojlantirish xususiy kapitalni jalb etish, davlat aktivlaridan samarali foydalanish hamda O‘zbekistonning investitsion jozibadorligini oshirish uchun mustahkam zamin yaratib berayotgani qayd etildi.
Alohida e’tibor IPO, SPO va xususiylashtirish bo‘yicha joriy kun tartibiga qaratilib, ushbu jarayonlar kapital bozorini chuqurlashtirish bilan birga, yirik davlat korxonalarida shaffoflik va samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, 2025-yil iyun oyida Fitch agentligi O‘zbekistonning suveren reytingini BB- dan BB (Positive) darajasiga oshirgani, S&P va Moody’s agentliklari ham mamlakat reytingi bo‘yicha prognozlarni yaxshilagani qayd etildi.
Korporativ darajada esa 16 ta yirik davlat korxonasi xalqaro kredit reytingiga, 7 ta kompaniya esa ESG reytingiga ega bo‘lgan bo‘lib, bu korporativ boshqaruvning barqaror rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Bundan tashqari, barcha yirik davlat korxonalarida xalqaro moliyaviy hisobot standartlari asosida hisobotlar tayyorlanib, yetakchi xalqaro audit kompaniyalari tomonidan tekshirilmoqda.
Konferensiya doirasida kapital bozorini rivojlantirish bo‘yicha islohotlarning asosiy yo‘nalishlari, xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro hamkorlik mexanizmlari, korporativ boshqaruv va hisobot standartlarini joriy etish, shuningdek ESG va barqaror rivojlanish tamoyillarining kompaniyalar investitsion jozibadorligini oshirishdagi roli muhokama qilindi.
Panel muhokamalaridan tashqari, ishtirokchilar IPO jarayonlari, moliyaviy hisobotlarni tayyorlash va kapital jalb etish bo‘yicha amaliy treninglar va master-klasslarda qatnashdilar. Tadbir yakunida ishtirokchilar tajriba almashib, istiqbolli investitsiya loyihalarini muhokama qildilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling