Joriy yilning 28-oktyabr kuni davlat ishtirokidagi korxonalar Kuzatuv Kengashlari mustaqil a’zolarining ikkinchi xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “UzAssets” AJ tomonidan tashkil etildi.
Forumning asosiy maqsadi davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish va davlat aktivlarini samarali boshqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Ushbu jarayonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi strategik tashabbuslar doirasida amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish va davlat korxonalarining investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.
Ochilish qismida, Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev so‘nggi bir yil davomida davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv, shaffoflik va investitsion jozibadorlikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va natijalarni yuqori baholadi.
Mustaqil a’zolarning yuqori malakasi tufayli yangi nazorat mexanizmlari joriy etilgani, menejment hisobdorligi oshgani, xavflarni boshqarish hamda ichki audit tizimli faoliyatga aylangani ta’kidlandi.
Shuningdek, 7 ta davlat ishtirokidagi korxona jamoatchilik ESG reytinglarini qo‘lga kiritgani mamlakatning barqaror rivojlanish va shaffoflikka sodiqligini tasdiqlab, xalqaro investorlar ishonchini yanada mustahkamlashi qayd etildi.
Forum doirasida so‘nggi bir yil ichida erishilgan natijalar ham taqdim etildi.
Xususan, O‘zbekistonning bir qator davlat ishtirokidagi korxonalari xalqaro reyting agentliklari — S&P, Fitch tomonidan xalqaro reytinglarga ega bo‘ldi hamda yevroobligatsiyalar joylashtirdi.
Bu holat moliyaviy barqarorlik, boshqaruv shaffofligi va xalqaro investorlar ishonchining ortib borayotganidan dalolat beradi.
Jumladan, 3 ta korxona tomonidan kredit reytinglari birinchi bor olinib, xalqaro kredit reytinglari soni 17 taga yetkazildi.
Shuningdek, 7 ta korxonaning suveren kredit reytingi “BB-” dan “BB” darajasiga oshirildi.
ESG yo‘nalishida ham islohotlar amalga oshirilib, 4 ta korxona ESG reytinglarini oldi, 2 ta korxonada ushbu ko‘rsatkich yaxshilandi va umumiy hisobda ESG reytinglari soni 7 taga yetdi.
Forumda Jahon banki, IFC, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki hamda Franklin Templeton xalqaro investitsiya kompaniyasi vakillari ishtirok etdilar.
Xalqaro ekspertlar davlat korxonalarining investitsion jozibadorligini oshirish, barqaror rivojlanishni ta’minlash va transformatsiya jarayonlarini amalga oshirish bo‘yicha o‘z fikr va tavsiyalarini bayon etdilar.
Shuningdek, forumda 23 ta davlat korxona vakillari, korporativ kotiblar hamda mustaqil a’zolar, Franklin Templeton investitsiya kompaniyasi va UzNIF portfeli kuzatuv kengashining mustaqil a’zolari, shuningdek xalqaro konsalting kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda davlat korxonalarining 26 ta mustaqil a’zosi qatnashdi.
Muloqotlar davomida shaffoflik, strategik nazorat, ESG ko‘rsatkichlari, kuzatuv kengashlarining samaradorligini baholash, korporativ tuzilmalarni transformatsiya qilish, IPOga tayyorgarlik va strategik investorlarni jalb etish masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumot uchun: Hozirgi kunda O‘zbekiston davlat ishtirokidagi korxonalari kuzatuv kengashlariga AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Turkiya, Hindiston, Polsha, Mavrikiy va boshqa davlatlardan xalqaro darajadagi mustaqil direktorlar jalb qilingan. Bu jarayon korporativ barqarorlik va xalqaro standartlarga mos raqobatbardosh bozor tuzilmalarini shakllantirish bo‘yicha bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim qismi hisoblanadi.
Forum yakunida quyidagi amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi:
1. Mustaqil direktorlar institutini strategik nazorat vositasi sifatida mustahkamlash;
2. Korporativ boshqaruvning institutsional asoslarini rivojlantirish;
3. Kuzatuv kengashlarining tuzilishi va vakolatlarini takomillashtirish;
4. Davlat ishtirokidagi kompaniyalarning faoliyatida shaffoflik va boshqaruv samaradorligini oshirish.
Tadbir yakunida ishtirokchilar davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruvni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar va xalqaro hamkorlikning kengayib borayotganini qayd etdilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling