2025 yil 3 may — "UzAssets" AJ O‘zbekistonni xalqaro moliya bozorlarida ilgari surishdagi strategik yetakchiligi va iqtisodiy rivojga qo‘shgan katta hissasi uchun milliy darajadagi nufuzli mukofotga sazovor bo‘ldi. Moliya sohasi vakillarini bir joyga jamlagan mazkur tantanali taqdirlash marosimi Investitsiya institutlari milliy uyushmasi (IIMU) tomonidan tashkil etildi.
Taqdirlash marosimida "UzAssets" AJ departamenti direktori Bahodir Usmonov ishtirok etdi. «Bu mukofot — jamoaviy mehnat samarasi va O‘zbekistonning global iqtisodiy integratsiya yo‘lidagi qat’iy harakatlarining yorqin dalilidir», — deya ta’kidladi B. Usmonov.
Marosim natijalariga ko‘ra, "UzAssets" AJ «Eng yaxshi ishonchli boshqaruvchi» deb e’tirof etildi. Bu mukofot jamiyatning davlat aktivlari va yirik korxonalarni samarali hamda shaffof boshqarishdagi yuqori kasbiy malaka va mas’uliyatini tasdiqlaydi.
Bugungi kunda "UzAssets" AJ boshqaruvi ostida 22 ta yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish, ularni samarali boshqarish, korporativ boshqaruvning ilg‘or standartlarini joriy etish hamda aktivlarni xalqaro kapital bozorlariga chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, tadbirda kapital bozori va moliya sohasida faoliyat yuritayotgan bir qator tashkilotlar turli nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar bilan taqdirlandi. Jumladan, "Kapital-Deposit" MChJ “Yilning eng yaxshi anderrayteri”, "Avesta Investment Group" MChJ — “Fond bozori bo‘yicha eng yaxshi tahlilchi”, "KPMG" MChJ — “Xususiylashtirish bo‘yicha eng yaxshi maslahatchi” deb topildi. O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi esa “Yilning eng yaxshi tartibga soluvchi tashabbusi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb e’lon qilindi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling