2025-yil 24-sentyabr kuni “UzAssets” AJ Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Adamas Ilkyavichyus Dushanbe shahrida Jahon banki ko‘magida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyoda iqtisodiy rivojlanish uchun samarali davlat boshqaruvi” (EGED) dasturining Uchinchi xalqaro konferensiyasida ishtirok etdi.
Ma’lumot uchun: Konferensiya Tojikiston Respublikasi Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligi, Jahon banki hamda Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik ishlari va rivojlanish vazirligi (FCDO) hamkorligida, UK International Development moliyaviy ko‘magida tashkil etildi.
Davlat sektorini isloh qilishga bag‘ishlangan sessiya doirasida Adamas Ilkyavichyus O‘zbekistonning yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha tajribasini taqdim etdi. U o‘z nutqida “UzAssets” AJning davlat korxonalarida zamonaviy korporativ boshqaruv prinsiplari, oshkoralik va samaradorlikni oshirishdagi muhim rolini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, u islohotlarni samarali amalga oshirish va natijalarni baholashda ma’lumotlar va tahlillardan foydalanish muhimligini qayd etdi.
Adamas Ilkyavichyus, shuningdek, O‘zbekistondagi yirik davlat korxonalarining Kuzatuv kengashlariga mustaqil direktorlarni jalb etish zarurligini alohida ta’kidladi. Ularning ishtiroki orqali amalga oshiriladigan mustaqil va xolis nazorat korporativ mas’uliyatni oshiradi va oshkoralikni ta’minlaydi. Bu esa, o‘z navbatida, davlat korxonalarining investitsiyaviy jozibadorligini kuchaytiradi hamda ularning xalqaro iqtisodiy jarayonlarga integratsiyasiga xizmat qiladi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling