O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi “Atrof-muhitni asrash va ‘yashil iqtisodiyot’ yili”da “O‘zbekiston–2030” strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha Davlat dasturi to‘g‘risida”gi PF–16-son Farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 4-maydagi 221-sonli “Barqaror rivojlanish hamda ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qaror «UzAssets» AJ ishtirokida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekistonning yirik strategik korxonalarini IFRS SDS (ISSB) asosidagi ESG hisobot standartlariga bosqichma-bosqich o‘tkazish, shuningdek, barqaror rivojlanish bo‘yicha korporativ dasturlarni ishlab chiqishga qaratilgan.
Hujjat barqarorlik sohasidagi xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini joriy etish qoidalarini belgilaydi. Unga muvofiq, muhimlikni baholashni majburiy o‘tkazish, hisobotlarni mustaqil tashqi tasdiqlash, ichki nazoratni ta’minlash hamda korxona ma’lumotlari sifatini oshirish talablari nazarda tutilgan.
Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qoidalarga rioya etish investorlar va boshqa manfaatdor tomonlarga ishonchli, dolzarb va taqqoslanadigan ma’lumotlarni taqdim etish uchun huquqiy asos yaratadi.
Qaror talablarini amalga oshirish doirasida «UzAssets»ning ESG yo‘nalishidagi maslahatchilari O‘zbekistonning yirik davlat kompaniyalari mutaxassislari bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Muhokamalar davomida hujjatning asosiy qoidalari, ESG bo‘yicha xalqaro yondashuvlar va ilg‘or amaliyotlar, shuningdek, barqaror rivojlanish tamoyillarini yirik korxonalar korporativ strategiyasi va operatsion faoliyatiga integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilar ESG hisobotlarini tayyorlashning amaliy jihatlari, ma’lumotlarni yig‘ish va oshkor qilish tizimini shakllantirish, asosiy ESG ko‘rsatkichlarini belgilash hamda yangi talablarni samarali joriy etish uchun ichki jarayonlarni tashkil etish masalalarini ham muhokama qildilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling