2025-yil 4-dekabr kuni “UzAssets” AJda boshqaruvchi direktor Mixeil Nibladze boshchiligidagi xalqaro investitsiya kompaniyasi Cerberus Frontier delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar O‘zbekistondagi yirik davlat korxonalarini transformatsiya qilish va rivojlantirish loyihalari doirasida hamkorlik istiqbollarini, jumladan, telekommunikatsiya sohasidagi tashabbuslarni muhokama qildilar.
“UzAssets” AJ rahbariyati yirik davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, jumladan, xalqaro kredit reytinglarini olish, zamonaviy korporativ boshqaruv standartlarini joriy etish, kuzatuv kengashlarining mustaqil a’zolari rolini kengaytirish, shuningdek, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (IFRS) o‘tish va axborotni oshkora qilish sifatini oshirish borasida ma’lumot taqdim etdi.
Tomonlar davlat korxonalarini xalqaro fond birjalarida IPOga chiqarishga tayyorlash, aksiyadorlik moliyalashtirishini rivojlantirish, shuningdek, xususiylashtirish jarayonlarida xalqaro investorlar ishtirokini muhokama qildilar.
Bundan tashqari, Cerberus Frontier telekommunikatsiya sohasidagi loyihalar hamda boshqa yo‘nalishlar doirasida xususiylashtirish jarayonida ishtirok etishga qiziqish bildirar ekan, O‘zbekistonda uzoq muddatli strategik hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga tayyor ekanligini tasdiqladi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling