«UzAssets» AJda Société Générale vakillari, MDH bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Teyba Guliyeva boshchiligida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida joriy loyihalar va kelgusidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Muloqot davomida tomonlar energetika sektori, neft-gaz va elektroenergetika infratuzilmasi, tog‘-metallurgiya sanoati, kimyo sanoati, transport va aviatsiya sohalarida investitsiya dasturlarini amalga oshirish masalalari bo‘yicha fikr almashdilar.
Alohida e’tibor infratuzilmani modernizatsiya qilish, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish hamda kompaniyalarni transformatsiya qilish va samaradorlikni oshirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratildi.
Shuningdek, tomonlar xalqaro moliyalashtirishni jalb qilish imkoniyatlarini, shu jumladan tuzilmaviy shartnomalar, eksport-kredit mexanizmlari, loyiha va korporativ moliyalashtirish kabi vositalarni qo‘llash, hamda korxonalarni xalqaro moliya bozorlariga chiqarish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Kompaniyalarning kredit profillarini mustahkamlash, obligatsiyalar chiqarishga tayyorgarlik ko‘rish va barqaror hamda “yashil” moliyalashtirish vositalarini qo‘llash yondashuvlari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston korxonalarining xalqaro moliyaviy resurslarga kirish imkoniyatlarini kengaytirish, xalqaro moliyalashtirish tajribalarini joriy etish hamda investitsion rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga o‘zaro qiziqish bildirdilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling