“UzAssets” AJ Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida O‘zbekistonning yirik davlat kompaniyalari mutaxassislarini ESG yo‘nalishida o‘qitishni davom ettirmoqda. 2026 yil may oyida “GHG Protocol bo‘yicha issiqxona gazlari hisobini yuritish” bo‘yicha o‘quv kursi boshlandi. Mazkur kurs Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik va biznes oliy maktabida intensiv formatda, xalqaro talablar va standartlarga muvofiq tarzda o‘tkazilmoqda.
Loyiha doirasida 2026 yil 4–5 may kunlari o‘quv kurslari bo‘lib o‘tdi. Ushbu o‘quv kurslari davomida davlat kompaniyalari mutaxassislari issiqxona gazlari chiqindilarini inventarizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro yondashuvlar bilan tanishdilar, Scope 1, Scope 2 va kengaytirilgan Scope 3 bo‘yicha hisob-kitob metodologiyalarini o‘rgandilar, shuningdek amaliy keyslar va issiqxona gazlari bo‘yicha hisobot tayyorlash algoritmlarini o‘zlashtirishni boshladilar.
Dasturning asosiy xususiyati uning amaliy yo‘naltirilganligidir: o‘quv faqat auditoriya mashg‘ulotlari bilan cheklanmaydi. Olingan bilimlarni mustahkamlash maqsadida ishtirokchilar “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ishlab chiqarish obyektiga tashrif buyurib, asosiy chiqindilar manbalarini aniqladilar, ma’lumotlarni yig‘ish jarayonlari bilan tanishdilar hamda real ishlab chiqarish sharoitida dastlabki hisob-kitoblarni amalga oshirdilar.
Bunday yondashuv davlat kompaniyalari faoliyatida keyinchalik qo‘llash uchun zarur amaliy ko‘nikmalarni shakllantiradi.
May oyi davomida o‘quv kurslari onlayn formatda davom ettiriladi: mutaxassislar har hafta chiqindilarni hisoblash bo‘yicha amaliy topshiriqlarni bajaradilar va ekspert fikr-mulohazalarini oladilar, bu esa bilimlarni tizimli mustahkamlash va kompetensiyalarni bosqichma-bosqich rivojlantirishni ta’minlaydi.
Dasturda xalqaro standartlarni joriy etishga, shu bilan birga ularni O‘zbekiston davlat kompaniyalari faoliyati xususiyatlarini hisobga olgan holda moslashtirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Kurs yakunida mutaxassislar chiqindilarni hisoblashni yanada samarali amalga oshirish, ESG hisobotlari sifatini va shaffofligini oshirish, shuningdek O‘zbekiston davlat kompaniyalarining barqaror transformatsiyasini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling