2025 yil 30 yanvar kuni «UzAssets» AJda Vengriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi vakillari, jumladan Vengriyaning Favqulodda va Muxtor elchisi Józef Rózsa boshchiligida uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuvda Vengriya Elchisi, O'zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyev va Vengriya Bosh Vaziri Viktor Orbanning sa'y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o'rtasida ko'p tomonlama hamkorlik izchil rivojlanib borayotganini ta'kidladi.
Yevropa biznesi uchun strategik loyiha sifatida Vengriyaning OTP banki O‘zbekistonning bank-moliya bozoriga kirishi muhim ahamiyat kasb etdi. O‘zbekiston Vengriya banki investitsiya kiritgan Markaziy Osiyodagi birinchi mamlakat bo‘ldi.
Ma’lumot uchun: 2022 yil dekabr oyida Vengriyaning OTP banki va O‘zbekiston hukumati «Ipoteka-bank»ni xususiylashtirish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi. OTP Group («OTP guruhi», BSE: OTP, LSE: OTPD) — aktivlarni boshqarish va lizingdan tortib, nafaqalar moliyalashtirishigacha bo‘lgan turli moliyaviy, sug‘urta, investitsiya va bank xizmatlari sohasida faoliyat olib boruvchi Vengriya bank guruhi hisoblanadi.
Uchrashuv davomida «UzAssets» AJ tomonidan davlat korxonalarini transformatsiya qilish va ularning samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Tomonlar uchrashuvda joriy va istiqbolli loyihalar, jumladan, «yashil» iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash dasturi, «yashil» moliyalashtirish, energiya samaradorligiga yondashuvlar, investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro kapital bozoriga chiqish uchun ESG tamoyillarini rivojlantirishning ahamiyatini muhokama qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston kapital bozoridagi dolzarb masalalar va IPO jarayoniga tayyorlanayotgan aksiyadorlik jamiyatlarida korporativ boshqaruv sifatining muhim ahamiyati haqida ham fikr almashildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish va rejalashtirilgan loyihalarni amalga oshirishni faollashtirishga kelishib oldilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling