14-fevral kuni, Oʻzbekiston Respublikasi Hisob Palatasi, Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan “Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik korxonalarda xalqaro standartlar asosida oʻtkaziladigan audit turlari, “Masofaviy audit” ATdan foydalanish imkoniyatlari hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimini samarali boshqarish omillari” mavzusida seminar oʻtkazildi.
Mazkur seminarda ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan yirik korxonalarning ichki audit, moliya-iqtisod, komplayens-nazorat va xavflarni boshqarish boʻlimlari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi B. Abdinazarov “Xalqaro standartlarga asoslangan ichki audit” mavzusida taqdimot bilan ishtirok etdi. Taqdimotda davlat ishtirokidagi korxonalarda amalga oshirilayotgan transformatsion oʻzgarishlar, yangi audit va nazorat mexanizmlarini joriy etish hamda korxonalarda samarali boshqaruv tizimini tashkil etish boʻyicha yondashuvlar haqida ishtirokchilarga batafsil maʼlumot berildi.
Seminarda korxonalar moliyaviy hisobotlarini xalqaro standartlarga muvofiq auditdan oʻtkazish, masofaviy audit texnologiyalaridan samarali foydalanish, korrupsiyani oldini olish va ichki nazorat tizimlarini rivojlantirish boʻyicha bir qator muhim masalalar muhokama qilinib fikrlar almashildi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling