Joriy yilning 31 may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi, "UzAssets" AJ hamda xalqaro moliyaviy institutlar va auditorlik kompaniyalari vakillari ishtirokida "Davlat korxonalarida transformatsiya: Risklarni boshqarish va byudjetlashtirish" mavzusida seminar tashkil etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan davlat korxonalarida moliyaviy rejalashtirish va risklarni boshqarish sohasida xalqaro standartlarni integratsiya qilish muhimligi ta'kidlandi.
Tadbirda "UzAssets" AJ tomonidan 22 davlat korxonalarida risklarni boshqarish va ichki audit sohasida xalqaro standartlarni joriy etish, shuningdek samarali byudjetlashtirish usullari bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi.
O'z nutqida Osiyo taraqqiyot banki maslahatchisi Nitin Jain COSO va Framework asosiy tamoyillarining imtiyozli kreditlar va to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalarni davlat korxonalariga jalb qilishdagi asosiy afzalliklari haqida ta'kidladi.
Shu bilan birga, "Navoiyuran" davlat korxonasi misolida risklarni boshqarish va korxonalar investitsiyaviy jozibadorligini oshirishning amaliy jihatlari ko'rib chiqildi.
Xalqaro PwC kompaniyasi ishtirokchilarga O'zbekiston davlat kompaniyalarida risklarni boshqarish va byudjetlashtirish tizimi jarayonlarini taqdim etdi
Shuningdek, ishtirokchilar O'zbekiston davlat kompaniyalarida qo'llash maqsadida turli risklarni boshqarish va byudjetlashtirish usullarini muhokama qildilar.
Tadbir yakunlariga ko'ra, ishtirokchilar ushbu seminar davlat korxonalarida risklarni boshqarish va byudjetlashtirish bo'yicha ilg'or xorijiy tajribani qo'llashga va transformatsiya bo'yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirishga hissa qo'shishiga ishonch bildirdilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling