2026-yil 12-oktabr kuni “UzAssets” AJda xalqaro moliyaviy guruh Citi vakillari hamda xalqaro investorlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish istiqbollari, mamlakatning eng yirik davlat kompaniyalarini xususiylashtirish dasturlari va xalqaro investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuvda “UzAssets” AJ rahbariyati davlat aktivlarini boshqarish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, portfel kompaniyalarini transformatsiya qilish jarayonlari hamda korxonalarni xalqaro kapital bozorlariga olib chiqishga tayyorlash ishlari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek, aksiyalarni birlamchi ommaviy joylashtirish (IPO) bo‘yicha rejalar alohida e’tibor markazida bo‘ldi. IPO muddatlari va parametrlari bozor kon’yunkturasi, investorlarning qiziqishi hamda har bir kompaniyaning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda belgilanadi.
Bundan tashqari, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, kuzatuv kengashlarida mustaqil direktorlar ishtirokini kengaytirish, ixtisoslashgan qo‘mitalar faoliyatini rivojlantirish, xalqaro moliyaviy hisobot standartlarini joriy etish hamda davlat korxonalari faoliyatining shaffofligini oshirish choralari muhokama qilindi.
Uchrashuv ishtirokchilari ichki kapital bozorini rivojlantirish, xalqaro investorlarning O‘zbekiston investitsiya vositalaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda IPO o‘tkazish uchun qonunchilik bazasini takomillashtirish istiqbollari yuzasidan ham fikr almashdilar. Mamlakatning uzoq muddatli iqtisodiy maqsadlariga erishish uchun zarur bo‘lgan aksiyadorlik moliyalashtirishini jalb etishning muhim manbalaridan biri sifatida kapital bozorini rivojlantirishning ahamiyati ta’kidlandi.
Xalqaro investitsiya doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga katta qiziqish bildirdilar hamda davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish jarayonida kelgusida ham ishtirok etish va ularning xalqaro moliya bozorlaridagi ishtirokini kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.