2025-yil 23-sentabr kuni “UzAssets” AJda xalqaro investitsiya institutlari – T. Rowe Price va Raiffeisen Bank International vakillari bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
“UzAssets” AJ uchrashuv ishtirokchilarini yirik davlat kompaniyalarini transformatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar, shu jumladan operatsion samaradorlik va shaffoflikni oshirish, hamda ayrim aktivlarni boshlang‘ich ommaviy aksiyalar joylashtirish (IPO) bosqichlariga tayyorlash bo‘yicha chora-tadbirlar bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda investorlar kutgan talab va standartlarga mos sharoitlar yaratish, shuningdek davlat korxonalarida korporativ boshqaruvni xalqaro standartlarga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kapital bozorlari, investitsion moliyalashtirish sohasida hamkorlikni kengaytirish va global institutsional investorlar bilan hamkorlikni faollashtirish istiqbollari muhokama qilindi.
Muhokama etilgan asosiy mavzulardan biri xorijiy investorlarning O‘zbekistondagi davlat kompaniyalarini transformatsiya qilishdagi ishtiroki, ayrim emitentlarning xalqaro kapital bozorlariga chiqishi va xususiylashtirish bosqichlariga tayyorlanishi bo‘ldi.
Shuningdek, moliyalashtirishni jalb qilish uchun potensial vositalar – masalan, evrobondlar chiqarish va strukturalashtirilgan bozor yechimlari bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston iqtisodiyotiga uzoq muddatli kapitalni jalb qila oladigan barqaror va shaffof investitsion muhit yaratish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling