2025-yil 24-sentyabr kuni “UzAssets” AJda xalqaro reyting agentligi S&P Global Ratingsning MDH, Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha tijorat bo‘limi rahbari Elena Eliseenko bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida asosiy e’tibor “UzAssets” AJ tomonidan davlat kompaniyalari bilan birgalikda xalqaro kapital bozorlariga chiqishga tayyorgarlik doirasida olib borilayotgan ishlarga qaratildi.
“UzAssets” vakillari ta’kidlaganidek, bir qator strategik ahamiyatga ega davlat korxonalari ilk bor yetakchi xalqaro agentliklar — Fitch Ratings va S&P Global Ratings tomonidan xalqaro kredit reytinglari va ESG-reytinglariga ega bo‘ldi.
Bu reytinglarning olinishi “UzAssets” tomonidan amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlari — zamonaviy boshqaruv yondashuvlarini joriy etish, moliyaviy hisobotlarni standartlashtirish va oshkoralik darajasini oshirish kabi chora-tadbirlar orqali amalga oshdi. Ushbu ishlar aktivlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish hamda kompaniyalarni ichki va xalqaro kapital bozorlariga chiqishga tayyorlashga qaratilgan.
Reytinglarning mavjudligi xalqaro moliyaviy institutlar, banklar va potensial strategik hamkorlar ishonchini oshirishga xizmat qilmoqda. Reytinglar, shuningdek, xalqaro fond bozorlarida aksiyalarni joylashtirish va qarz instrumentlarini chiqarishga tayyorgarlik jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida tomonlar yaqin hamkorlikni davom ettirishga o‘zaro qiziqish bildirishdi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling