2026-yil 11-mart kuni O‘zbekistonning yirik korxonalarida barqaror rivojlanish va ESG sohasidagi xalqaro standartlarni joriy etish maqsadida “2-daraja: Amaliyot” o‘quv kursi boshlandi. Dastur “UzAssets” AJ huzurida tashkil etilgan ESG Center of Excellence tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda hamda Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etish uchun avvalgi bosqich — “1-daraja: ESG asoslari” kursini muvaffaqiyatli yakunlagan davlat kompaniyalarining 30 nafar vakili tanlab olindi. Dastur mutaxassislarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ikki tematik blokdan iborat.
Birinchi blok — “SASB standartlari bo‘yicha ESG hisobotini tayyorlash” — ESG hisobotini tayyorlashning amaliy jihatlariga bag‘ishlangan. Ishtirokchilar kompaniya ichida ma’lumotlarni yig‘ish va tizimlashtirishdan boshlab, xalqaro talablarga muvofiq yakuniy hisobot tuzilmasini shakllantirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni o‘rganadilar.
Ikkinchi blok — “GHG Protocol metodologiyasi bo‘yicha issiqxona gazlarini hisobga olish” — issiqxona gazlari chiqindilarini inventarizatsiya qilish va hisoblash masalalarini qamrab oladi. Ishtirokchilar barcha qamrov yo‘nalishlari (Scope 1, 2 va 3) bo‘yicha chiqindilarni aniqlashning amaliy metodologiyasini o‘zlashtiradilar hamda amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etadilar.
Ushbu o‘quv kursi O‘zbekistonning yirik davlat kompaniyalari mutaxassislarining ichki kompetensiyalarini rivojlantirish, shuningdek, ularning barqaror rivojlanish va ekologik hisobotlilik sohasidagi salohiyatini xalqaro standartlarga muvofiq yanada oshirishga qaratilgan.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling