2025-yil 11-fevral kuni "UzAssets" AJda dunyoning yetakchi moliyaviy tashkilotlari — MUFG (Mitsubishi UFJ Financial Group) va Morgan Stanley vakillari ishtirokida uchrashuv bo'lib o'tdi.
Ma'lumot uchun: MUFG — Yaponiyaning eng yirik moliyaviy tashkiloti bo'lib, 2005-yilda Mitsubishi Tokyo Financial Group va UFJ Holdings kompaniyalari birlashishi natijasida tashkil topgan. U keng qamrovli moliyaviy xizmatlarni, jumladan, bank operatsiyalari, investitsiyalar, sug'urta va aktivlarni boshqarishni taklif etadi.
Morgan Stanley — 1935-yilda Nyu-Yorkda tashkil etilgan yetakchi investitsiya banki va moliyaviy xizmatlar provayderi. Kompaniya shaxsiy, korporativ va institut mijozlariga investitsiya bankchiligi, aktivlarni boshqarish va brokerlik xizmatlarini o'z ichiga olgan keng qamrovli moliyaviy xizmatlarni taqdim etadi.
Uchrashuvda Morgan Stanley vakillari aksiyalarni dastlabki ommaviy taklif (IPO) va xususiylashtirish sohasidagi 17 yillik tajribalarini ta'kidladilar. Shuningdek, ular MUFG bilan yaqin hamkorliklari yirik xalqaro loyihalarni amalga oshirishga yordam berib kelayotgani va muvaffaqiyatli IPOlarni jahon moliya bozorlarida o'tkazish imkonini berganini alohida qayd etdilar.
MUFG vakillari o'zlarining yirik xalqaro loyihalarni moliyalashtirishdagi o'rnini, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlarida amalga oshirilgan katta investitsiyalarni alohida ta'kidladilar.
Muzokaralar davomida xalqaro investorlarni jalb qilishning turli strategiyalari ko'rib chiqildi. Ishtirokchilar investorlarning qiziqishini maksimal darajada ta'minlash maqsadida turli moliyaviy instrumentlardan foydalanib, investitsiya takliflarini ishlab chiqish zarurligini ta'kidladilar.
Uchrashuv yakunida MUFG va Morgan Stanley "UzAssets" AJ bilan qo'shma loyihalarni amalga oshirish bo'yicha hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdilar.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling