2025-yil 17-aprel kuni "UzAssets" AJda BancTrust & Co xalqaro investitsiya kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumot uchun: BancTrust & Co Investment Bank — Londonda joylashgan investitsiya banki bo‘lib, investitsion bank xizmati, aktivlarni boshqarish hamda xalqaro moliya bozorlarida qarz majburiyatlarini joylashtirish bo‘yicha keng qamrovli moliyaviy yechimlarni taqdim etadi.
Uchrashuv davomida BancTrust vakillari kompaniya faoliyati haqida ma’lumot berib, Lotin Amerikasi, Markaziy va Sharqiy Yevropa hamda MDH mamlakatlaridagi ko‘p yillik tajribalarini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
"UzAssets" AJ o‘z navbatida davlat korxonalarida amalga oshirilayotgan transformatsiya ishlari, jumladan, davlat aktivlarini boshqarish va korxonalarni investitsion jozibadorligini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan faoliyat bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda muhokama qilingan asosiy yo‘nalishlardan biri davlat korxonalarining yevrobondlar bozorida ishtirok etish masalasi ko‘rildi. Tomonlar tashqi kapital jalb etish uchun qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan mavjud moliyaviy instrumentlar, jumladan, suveren va korporativ obligatsiyalar emissiyasi imkoniyatlarini ko‘rib chiqishdi. BancTrust vakillari maslahat va tashkiliy ko‘mak ko‘rsatishga, shuningdek, xalqaro investorlarni jalb etishda hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.
Kompaniya O‘zbekistonda faoliyatini kengaytirishga katta qiziqish bildirib, mamlakatda amalga oshirilayotgan ijobiy moliyaviy-iqtisodiy islohotlar, bozorning ochiqligi va xalqaro kapital bozorlariga integratsiyaga intilishini yuqori baholadi.
Shuningdek, uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikning uzoq muddatli sheriklik istiqbollarini muhokama qilishdi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling