O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 19-apreldagi PQ-163-son qaroriga muvofiq, 2024-yil 1-iyuldan boshlab yirik davlat ishtirokidagi korxonalarda korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, xususan, boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida, kuzatuv kengashiga bo‘ysunuvchi korporativ kotibiyatlar tashkil etilishi belgilangan.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 21-fevral kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda “UzAssets” AJ hamkorligida “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalarda korporativ kotibiyatlar faoliyatini samarali tashkil etish” mavzusida seminar tashkil etildi. Unda 22 ta yirik davlat kompaniyalari ishtirok etdi.
Tadbir davomida Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan davlat korxonalarida investitsion jozibadorlikni oshirish, shaffof va samarali korporativ boshqaruv tizimlarini yaratish hamda milliy iqtisodiyotga investitsiyalarni jalb qilish yo‘nalishida aniq vazifalar belgilab berildi.
Shu bilan birga, “UzAssets” AJ rahbariyati o‘z ma’ruzasida davlat aktivlarini samarali boshqarishda korporativ kotibiyatlarning ahamiyatiga e’tibor qaratdi. Korporativ kotibiyatlarning aksiyadorlar, kuzatuv kengashlari va korxona rahbariyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni ta’minlashdagi roli muhim ekanligi, bu esa davlat ishtirokidagi korxonalarda barqarorlik va o‘sish uchun zarur shartlardan biri ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, korporativ kotibiyatlarning tuzilishini takomillashtirish va xodimlarning professional rivojlanishiga alohida e’tibor qaratildi.
Seminarda Osiyo taraqqiyot bankining davlat korxonalari bo‘yicha eksperti Richard Fredrik o‘z ma’ruzasida korporativ kotibiyatlarning aksiyadorlar, kuzatuv kengashlari va davlat kompaniyalari rahbariyati bilan hamkorlik qilish muhimligini qayd etdi. U shaffoflikni ta’minlash, samarali kommunikatsiyani yo‘lga qo‘yish va risklarni boshqarish strategiyasini ishlab chiqish korporativ boshqaruvni yaxshilash va investorlarning ishonchini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
“KPMG” konsalting bo‘limi direktori Oljas Omarov esa kuzatuv kengashlarining faoliyatini baholash va korporativ kotibiyatlar professional rivojlanishini muhokama qildi. Ekspert tomonidan boshqaruv organlarining faoliyatini muntazam baholash samaradorlikni oshirish va ilg‘or amaliyotlarni joriy etish uchun muhim vosita ekanligini qayd etdi.
“Prosperity Capital Management” kompaniyasining korporativ boshqaruv bo‘yicha direktori Denis Spirin kuzatuv kengashlarining faoliyatini rejalashtirish va tashkil etish zarurligiga e’tibor qaratib, ularning strategik yondashuv asosida ishlashi korxonalar uzoq muddatli rivojlanishiga xizmat qilishini ta’kidladi.
Tadbir yakunida seminar ishtirokchilari o‘z fikr-mulohazalarini almashib, davlat kompaniyalarida korporativ boshqaruvni rivojlantirish, boshqaruv organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va korporativ kotibiyatlarning rolini oshirish bo‘yicha dolzarb masalalarni muhokama qildilar.
Seminar natijalari bo‘yicha davlat kompaniyalarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish va shaffoflikni oshirishga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqildi. Ushbu chora-tadbirlar davlat korxonalarining barqaror iqtisodiy o‘sishi va investitsiyalarni jalb qilishiga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling