Yirik davlat kompaniyalarida innovatsion texnologiyalarni integratsiyalash, shuningdek, IT arxitekturasini yaratish va ma’lumotlar boshqaruvini ta’minlash maqsadida “UzAssets” AJ O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda 24-iyun kuni “Kelajak davlat korxonalarida axborot texnologiyalari” mavzusida seminar tashkil qildi. Seminarda Raqamli texnologiyalar vazirligi, Kiberxavfsizlik markazi, KPMG va xalqaro tashkilotlar ekspertlari hamda 22 ta davlat korxonalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda davlat korxonalarini raqamlashtirish sohasidagi transformatsiyalar, shuningdek, yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda IT arxitekturasini shakllantirishning ustuvor vazifalari muhokama qilindi.
“UzAssets” AJ rahbariyati tomonidan ishtirokchilarga davlat korxonalarini muvaffaqiyatli raqamli transformatsiya qilish muammolarini bartaraf etish bo‘yicha strategik yechimlar va joriy tashabbuslar, shuningdek, davlat korxonalarida IT arxitekturasini shakllantirish yondashuvlari bo‘yicha ishlab chiqilgan metodologiya taqdim etildi.
Kiberxavfsizlik markazi vakili ishtirokchilarni kiberxavfsizlik siyosati va protseduralari, shuningdek, davlat kompaniyalarida axborot resurslari xavfsizligini ta’minlash uchun ma’lumotlarni himoya qilish usullari bilan tanishtirdi.
Bundan tashqari, muhim biznes jarayonlarining uzluksizligini qo‘llab-quvvatlash uchun IT infratuzilmasi landshaftining yuqori ishonchliligini ta’minlash, shuningdek, sun’iy intellekt, blokcheyn va boshqa shu kabi ilg‘or texnologiyalarni birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, seminarda xalqaro ekspertlar zamonaviy axborot texnologiyalarini rivojlantirishning jahon tendensiyalari bilan tanishdilar.
Muhokama davomida davlat korxonalari tizimiga bosqichma-bosqich joriy etish maqsadida axborot texnologiyalarini rivojlantirish sohasidagi dolzarb masalalar va yutuqlar tahlil qilindi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga davlat korxonalarida raqamli transformatsiya va axborot-kommunikatsiya muhitini yanada takomillashtirish bo‘yicha qator tavsiyalar berildi.
Jamiyatimizda sodir bo'layotgan yangiliklarni o'tkazib yubormaslik uchun telegram kanalimizga obuna bo'ling