“UzAssets” AJ «IFRS SDS standartlari bo‘yicha hisobot tayyorlash bo‘yicha Qo‘llanmani taqdim etdi – UzAssets
UZ RU EN

YANGILIK VA E'LONLAR

UzAssets axborot xizmati

“UzAssets” AJ «IFRS SDS standartlari bo‘yicha hisobot tayyorlash bo‘yicha Qo‘llanmani taqdim etdi

“UzAssets” AJ «IFRS SDS standartlari bo‘yicha hisobot tayyorlash bo‘yicha Qo‘llanmani taqdim etdi
Yangiliklar 📅 22.09.2026

2026-yil 22-sentabr kuni “UzAssets” AJ Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida ESG Center of Excellence tashabbusi doirasida Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda xalqaro barqarorlik hisobotlari standartlari  IFRS SDS talablariga muvofiq hisobot tayyorlash bo‘yicha Qo‘llanmani taqdim etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining zamonaviy barqaror rivojlanish sohasida axborotni oshkor qilish yondashuvlarini joriy etish va ESG hisobotining sifatini oshirish jarayonida bo‘lgan yirik davlat korxonalarining vakillari ishtirok etdi.

Qo‘llanma PwC ekspertlari tomonidan ESG Center of Excellence tashabbusi doirasida “UzAssets” AJ va Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida tayyorlangan. Hujjat xalqaro barqarorlik hisobotlari standartlarini joriy etishni boshlayotgan yirik davlat korxonalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yangi talablarga o‘tish bilan bog‘liq asosiy amaliy masalalarni qamrab oladi.

Qo‘llanma yirik korxonalarga yangi standartlarga o‘tish jarayonida amaliy ko‘mak ko‘rsatish, shuningdek, axborotni yig‘ish, tahlil qilish, verifikatsiyadan o‘tkazish va oshkor qilish jarayonlarini yanada tizimli tashkil etish imkonini beradi.

Tadbir doirasida PwC ekspertlari IFRS S1 “Barqaror rivojlanish bilan bog‘liq moliyaviy axborotni oshkor qilishga qo‘yiladigan umumiy talablar” va IFRS S2 “Iqlim bilan bog‘liq axborotni oshkor qilish” standartlarining asosiy talablarini taqdim etdilar. Shuningdek, birinchi hisobotni tayyorlashning amaliy jihatlari hamda yangi talablarni kompaniyalarning ichki jarayonlariga integratsiya qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ishtirokchilarga, shuningdek, Qo‘llanmaning amaliy vositalari, jumladan, shablonlar, chek-listlar va bosqichma-bosqich yo‘riqnomalar taqdim etildi. Ulardan foydalanish kompaniyalarga hisobot tayyorlash jarayonini yanada tizimli tashkil etish, zarur ichki tartib-taomillarni belgilash va xalqaro barqarorlik hisobotlari standartlarini qo‘llashga tayyorgarlik darajasini oshirish imkonini beradi.

Tadbirda yangi talablarni amaliyotda qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muhokama davomida davlat kompaniyalari vakillari dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, hamda IFRS SDS talablarini joriy etishning turli bosqichlarida yuzaga kelayotgan muammolarni, jumladan, barqaror rivojlanish va iqlim bilan bog‘liq muhim xatarlar hamda imkoniyatlarni aniqlash, zarur ma’lumotlar bazasini shakllantirish va tashkilot ichida mas’uliyatni taqsimlash masalalarini muhokama qildilar.

IFRS SDS xalqaro standartlarini qo‘llash yirik korxonalarga barqaror rivojlanish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muhim xatarlar hamda imkoniyatlarni yanada izchil baholash va ular to‘g‘risidagi axborotni oshkor qilish imkonini beradi.

«UzAssets» AJ Axborot xizmati
UzAssets AI Assistant
Onlayn — javob berishga tayyor
Men UzAssets AI assisant. Sizga qanday yordam bera olaman?
Tez savollar
Scroll to Top