2026-yil 2–4-iyun kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda uning tasarrufidagi tashkilotlar bilan birgalikda “Eco Expo Central Asia 2026” xalqaro ko‘rgazmasida “UzAssets” AJdan Bosh maslahatchi Darya Soboleva ishtirok etdi.
Tadbir doirasida D. Soboleva “O‘zbekiston tog‘-metallurgiya sanoatida xalqaro ekologik standartlar va barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish” mavzusidagi panel sessiyasida qatnashdi. Unda xalqaro standartlarni joriy etish jarayonlari hamda ularni davlat kompaniyalarida amalga oshirishda yuzaga kelayotgan asosiy muammolar muhokama qilindi.
Ko‘rgazma dasturi yashil energetika, suvni tejovchi texnologiyalar, yashil transport, barqaror qishloq xo‘jaligi, yashil moliya, ekologik ta’lim, ekologiya sohasida sun’iy intellekt hamda barqaror shaharlarni rivojlantirish kabi keng ko‘lamli yo‘nalishlarni qamrab oldi.
Ko‘rgazma va profil sessiyada ishtirok etish “UzAssets” AJga barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish, O‘zbekiston davlat korxonalarining shaffofligi va samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni taqdim etish, shuningdek, ESG va korporativ boshqaruv sohasidagi xalqaro hamkorlar hamda ekspertlar bilan tajriba almashish imkonini berdi.