ESG Center of Excellence dasturi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimi – UzAssets
UZ RU EN

YANGILIK VA E'LONLAR

UzAssets axborot xizmati

ESG Center of Excellence dasturi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimi

ESG Center of Excellence dasturi bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimi
Yangiliklar 📅 03.07.2026

2026-yil 3-iyul kuni ESG Center of Excellence dasturining ilk bitiruvchilariga sertifikatlar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, mamlakatdagi barcha davlat korxonalari uchun ESG bo‘yicha ta’lim olish imkoniyatini yaratadigan onlayn kurs ishga tushirilgani e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat korxonalarida xalqaro ESG standartlarini joriy etish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini amaliyotga tatbiq etish maqsadida «UzAssets» AJ Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning yirik davlat kompaniyalari mutaxassislari uchun ikki bosqichli ESG Center of Excellence ta’lim dasturini amalga oshirdi.

Tadbir davomida barqaror rivojlanish O‘zbekiston davlat korxonalarining raqobatbardoshligini belgilovchi muhim omilga aylanayotgani, u kapital jalb qilish imkoniyatlari, investorlar ishonchi, shuningdek kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi, IPO o‘tkazishi va xususiylashtirish jarayonlariga tayyorgarligiga bevosita ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.

ESG xavflarini tizimli boshqarish, shaffoflikni rivojlantirish hamda xalqaro standartlar va milliy «yashil iqtisodiyot» kun tartibiga muvofiq moliyaviy bo‘lmagan hisobotlar sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, tashqi konsalting xizmatlaridan foydalanishdan davlat kompaniyalari ichki salohiyatini shakllantirish va institutsional ekspertizani rivojlantirishga bosqichma-bosqich o‘tishning ahamiyati alohida qayd etildi.

Yaratilgan ESG Center of Excellence onlayn platformasi dastur ko‘lamini kengaytirish hamda davlat korxonalari xodimlari uchun o‘zbek va rus tillarida ESG bo‘yicha bilimlardan foydalanish imkoniyatini ta’minlaydi.

Mazkur tashabbus Osiyo taraqqiyot banki ko‘magida, shuningdek Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, ekspertlar hamjamiyati va o‘z xodimlarini o‘qishga yuborgan davlat kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Kelgusida dastur doirasida ichki trenerlarni tayyorlash, ta’limning ilg‘or bosqichlarini yo‘lga qo‘yish hamda davlat kompaniyalari yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun ixtisoslashtirilgan o‘quv modullarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Istiqbolda ESG Center of Excellence O‘zbekistonda ESG yo‘nalishidagi milliy kompetensiyalar markazi sifatida rivojlantirilib, ta’lim, ekspertlik ko‘magi va barqaror rivojlanish standartlarini amaliy joriy etishni birlashtiruvchi platformaga aylanishi ko‘zda tutilgan.

«UzAssets» AJ Axborot xizmati
UzAssets AI Assistant
Onlayn — javob berishga tayyor
Men UzAssets AI assisant. Sizga qanday yordam bera olaman?
Tez savollar
Scroll to Top