2026-yil 19-iyun kuni “UzAssets” AJda xalqaro yuridik kompaniya “Freshfields” vakillari — kompaniya Hamkori Piter Allen va M&A hamda kapital bozorlari amaliyoti bo‘yicha Katta maslahatchi Richard Ho bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi davlat kompaniyalarini xususiylashtirish dasturini amalga oshirish va ularni xalqaro kapital bozorlariga chiqishga tayyorlash jarayonini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor kompaniyalarni aksiyalarini birlamchi ommaviy joylashtirish IPOga tayyorlash masalalariga qaratildi. Bu jarayonda korporativ boshqaruvni takomillashtirish, investorlar bilan aloqalarni rivojlantirish, faoliyat shaffofligini oshirish hamda axborotni oshkor qilish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar shuningdek, kompaniyalarning tarmoq xususiyatlari va investitsion profillarini inobatga olgan holda kelajakdagi joylashtirishlar uchun maqbul xalqaro fond birjalarini tanlash masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
“Freshfields” kompaniya vakillari turli mamlakatlarda yirik xususiylashtirish va listing loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribalari bilan bo‘lishdi hamda xalqaro kapital bozorlariga chiqish, investitsiyalar jalb etish va murakkab transchegaraviy bitimlarni tuzish bo‘yicha ekspert ko‘magini ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, kapital bozorini rivojlantirish va O‘zbekiston xususiylashtirish dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida professional muloqot va tajriba almashinuvini davom ettirish muhimligini ta’kidladilar.