Rothschild & Co vakillari bilan uchrashuv – UzAssets
UZ RU EN

YANGILIK VA E'LONLAR

UzAssets axborot xizmati

Rothschild & Co vakillari bilan uchrashuv

Rothschild & Co vakillari bilan uchrashuv
Yangiliklar 📅 22.07.2026

2026-yil 22-iyul kuni “UzAssets” AJda Rothschild & Co vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv davomida O‘zbekistonning yirik davlat korxonalarini xalqaro kapital bozorlariga olib chiqishga tayyorlash yo‘nalishida amaldagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida tomonlar davlat korxonalarini IPOga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holatini ko‘rib chiqdilar hamda bozor kon’yunkturasi va kompaniyalarning tayyorgarlik darajasini hisobga olgan holda joylashtirishlarning maqbul jadvalini shakllantirish yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, bitimlar oqimini izchil shakllantirish, emitentlarning bozorga chiqish ketma-ketligi hamda aksiyalarni ommaviy joylashtirishlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga ta’sir etuvchi omillarga alohida e’tibor qaratildi.

Muhokamalarning yana bir muhim yo‘nalishi davlat kompaniyalarining kapital talab qiluvchi loyihalarini moliyalashtirish maqsadida pre-IPO va infratuzilmaviy investorlarni jalb etish imkoniyatlariga bag‘ishlandi.
Rothschild & Co vakillari bunday bitimlarni amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tajribani taqdim etdilar hamda strategik va moliyaviy investorlarni dastlabki bosqichlarda jalb etish korporativ boshqaruvni takomillashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish, kompaniyalarning investitsion jozibadorligini mustahkamlash va keyingi IPO jarayonlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar davlat korxonalarining investitsion jozibadorligini oshirish, kapital jalb qilish mexanizmlarini takomillashtirish va O‘zbekiston kapital bozorini yanada rivojlantirishga qaratilgan hamkorlikni davom ettirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

«UzAssets» AJ Axborot xizmati
UzAssets AI Assistant
Onlayn — javob berishga tayyor
Men UzAssets AI assisant. Sizga qanday yordam bera olaman?
Tez savollar
Scroll to Top