2026-yil 23-sentabr kuni «UzAssets» AJ S&P Global kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonning yirik korxonalari vakillari ishtirokida «Powering a Sustainable Future Uzbekistan» xalqaro tadbirini tashkil etdi.
Tadbir davomida O‘zbekistondagi yirik davlat ishtirokidagi korxonalarning barqaror rivojlanishi, ESG tamoyillarini joriy etish, shaffoflikni oshirish hamda xalqaro standartlarga muvofiq korporativ boshqaruvni takomillashtirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
«UzAssets» AJ Boshqaruv raisi B. Abdinazarov ESG omillarini O‘zbekistonning yirik korxonalarini rivojlantirish strategiyalariga, risklarni boshqarish tizimiga va investitsiyaviy qarorlar qabul qilish jarayonlariga integratsiya qilish muhimligini ta’kidladi.
Shuningdek, O‘zbekistonning yirik korxonalari transformatsiya jarayonida ekani, mazkur jarayonning asosiy yo‘nalishlaridan biri korporativ boshqaruv samaradorligi, shaffofligi va sifatini oshirishdan iborat ekani qayd etildi.
Ma’lumot uchun: «UzAssets» AJ davlat ishtirokidagi korxonalar bilan hamkorlikda ESG yo‘nalishini izchil rivojlantirib kelmoqda. Bugungi kunga qadar 13 ta korxona ESG reytingini olgan bo‘lib, bu kompaniyalarning shaffofligini oshirish va barqarorligini baholash sifatini yaxshilashga xizmat qilmoqda.
Panel sessiyasi doirasida «UzAssets» AJ bosh konsultanti Darya Soboleva davlat ishtirokidagi korxonalarda ESG kun tartibini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari, xususan, axborotni oshkor etishning shaffofligi va sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni taqdim etdi.
Panel sessiyasida O‘zbekistonning yirik korxonalari — «Uztransgaz» AJ, «Uzbekistan Airways» AJ va «Navoiyuran» DK vakillari ham ishtirok etdi. Ishtirokchilar ISSB S1 va S2 standartlari talablarini korporativ hisobot jarayonlariga joriy etishning amaliy jihatlarini, shuningdek, O‘zbekistondagi davlat kompaniyalarida ESG kun tartibini rivojlantirishda mazkur standartlarni qo‘llash masalalarini muhokama qildilar.
Shuningdek, ishtirokchilar ESG boshqaruvini takomillashtirish, iqlim bilan bog‘liq xatarlarni baholash va axborotni oshkor etish sifatini oshirish maqsadida xalqaro ekspertiza hamda tahliliy vositalardan foydalanish borasida S&P Global bilan kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildilar.