2026-yil 6–10-iyul kunlari Qozog‘istonning Olmaota shahrida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (IMF Fiscal Affairs Department – FAD) Byudjet masalalari departamenti hamda Kavkaz, Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bo‘yicha salohiyatni rivojlantirish mintaqaviy markazi (CCAMTAC) hamkorligida “Davlat korxonalarini boshqarishni takomillashtirish va ularning faoliyati ustidan moliyaviy nazorat tizimini rivojlantirish” mavzusida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “UzAssets” AJ vakillari — Korporativ kotibiyat mudiri, korporativ maslahatchi vazifasini bajaruvchi S. A’zamxo‘jayev hamda foydali qazilmalarni qazib olish va qayta ishlash yo‘nalishi rahbari A. Avazov ishtirok etdilar.
Seminar doirasida davlat korxonalarida korporativ boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy nazorat va risklarni boshqarish samaradorligini oshirish, shuningdek, davlat ishtirokidagi kompaniyalarda shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tadbir ishtirokchilari davlat korxonalarini boshqarish sohasidagi xalqaro tajriba va zamonaviy yondashuvlar bilan tanishdilar, davlat ishtirokidagi tashkilotlar faoliyati samaradorligini oshirishning amaliy jihatlari bo‘yicha muhokamalarda qatnashdilar hamda xalqaro tashkilotlar va tegishli muassasalar vakillari bilan tajriba almashdilar.
“UzAssets” AJ vakillarining seminarda ishtiroki korporativ boshqaruv sohasidagi kasbiy bilimlarni kengaytirish, ilg‘or tajriba va zamonaviy yondashuvlarni o‘rganish, shuningdek, O‘zbekistondagi yirik davlat kompaniyalarini samarali boshqarish bo‘yicha yondashuvlarni yanada takomillashtirishga xizmat qildi.