2026-yil 23-iyun kuni WOOD & Co investitsiya banki tomonidan tashkil etilgan holda “UzAssets” AJda yetakchi xalqaro investitsiya fondlari vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa davlatlardan rivojlanayotgan bozorlarga investitsiya kiritishga ixtisoslashgan yirik institutsional investorlar ishtirok etdilar.
“UzAssets” AJ rahbariyati O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va davlat korxonalarini transformatsiya qilish jarayoni, shuningdek, mamlakat kapital bozori rivojlanish istiqbollari haqida ma’lumot taqdim etdi. Ushbu jarayon doirasida yirik strategik korxonalar xalqaro kredit va ESG reytinglariga ega bo‘ldi hamda Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari IFRS asosida hisobot tayyorlamoqda, bu esa ularning shaffofligi, investitsion jozibadorligi va kapital bozorlariga chiqishga tayyorligini oshirmoqda.
Muhokamalar davomida investorlar O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar va davlat korxonalarini transformatsiya qilish dasturiga katta qiziqish bildirdilar. Ushbu o‘zgarishlarning kompaniyalar operatsion samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruvni takomillashtirish, moliyaviy natijalarni yaxshilash hamda uzoq muddatli istiqbolda investitsion jozibadorlik va daromadlilikni oshirishga ta’siriga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar xalqaro investorlarning xususiylashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirish, O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish va mamlakatning xalqaro moliya bozorlaridagi mavqeini mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar.