2026-yil 24–26-iyun kunlari «UzAssets» AJ tomonidan «Baker Tilly» kompaniyasi bilan hamkorlikda, Osiyo taraqqiyot bankining texnik ko‘magida hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi davlat korxonalari uchun ichki audit metodologiyasiga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.
Seminar davomida O‘zbekistonning yirik korxonalari mutaxassislari ichki audit sohasidagi kasbiy kompetensiyalarini oshirdi, shuningdek, yillik auditorlik tekshiruvlari rejasini shakllantirishda tavakkalchilikka asoslangan yondashuvni qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini takomillashtirdi.
Seminar doirasida ishtirokchilarga ichki auditni rejalashtirishning amaliy modeli taqdim etildi. Mazkur model audit obyektlari ro‘yxatini shakllantirishdan boshlab, ichki audit xizmati faoliyatining yillik rejasini ishlab chiqishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oldi.
Mashg‘ulotlar davomida modelning tuzilishi, tavakkalchiliklarni baholash va ustuvorlashtirish metodologiyasi, resurslarni rejalashtirish hamda auditning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash yondashuvlari batafsil ko‘rib chiqildi. Shuningdek, ichki audit xizmati resurs salohiyatini hisoblash va undan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, ishtirokchilarga amaliy misollar taqdim etildi hamda ichki auditning xalqaro standartlari va korporativ boshqaruvning ilg‘or amaliyotlari asosida tavakkalchilikka asoslangan metodologiyani joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Seminar yakunida ishtirokchilarga o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlaganini tasdiqlovchi sertifikatlar topshirildi.